Maktab direktorligiga vakanlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6108-son farmoniga asosan 2021 yil 1 yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash hamda ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimidan ozod etishning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar boshqarmalari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilindi.

Unga ko‘ra umumta’lim muassasalarining bo‘sh direktor lavozimlari uchun hududiy xalq ta’limi boshqarmalari kiritgan nomzodlar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlovdan o‘tkaziladi. Umumta’lim muassasasi direktorligi uchun nomzodlar tanlovda tegishli umumta’lim muassasasi ko‘rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturi bilan ishtirok etadi.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlov natijalariga ko‘ra umumta’lim muassasasi direktori lavozimiga tayinlash uchun eng yaxshi 3 yillik dastur egasi shaffoflik tamoyillari asosida tanlab olinadi hamda lavozimga tayinlash uchun hududiy xalq ta’limi boshqarmalariga taqdim etiladi. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlab olingan nomzod hududiy xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan umumta’lim muassasasi direktori lavozimiga tayinlanadi.

Umumta’lim muassasasi direktori yil yakuni bo‘yicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari va jamoatchilik vakillariga 3 yillik dasturning ijrosi yuzasidan hisobot beradi va hisobot natijasiga ko‘ra uning faoliyatiga xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan baho berib borilishi belgilangan.

Bugungi kunda Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 2-, 29- hamda 70-sonli umumta’lim maktablarining direktorlik lavozimiga tanlov e’lon qilindi.

Bo’sh ish o’rinlari bo’yicha Xalq ta’limi vazirligining ish.uzedu.uz sayti orqali ma’lumotlar olish va bo’sh ish o’rinlari uchun o’z nomzodligini tavsiya etish imkoniyatlari yaratildi.