Fizika fanidan olimpiada tashkil etildi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19-martdagi “Fizika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-5032-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar dasturi 14-15 bandlarida davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda fizika fani bo’yicha tanlovlar va musobaqalar tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Davlat va nodavlat umumiy o’rta ta’lim tashkilotlarining hamkorligini yanada kuchaytirish, o’quvchilarni fizika faniga bo’lgan qiziqishlarni oshirish, fizika fani bo’yicha iqtidorli o’quvchilarni aniqlash hamda O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 29-iyundagi 50-qq-sonli va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifati nazorat qilish inspeksiyasining 2021 yil 29-iyundagi 27-qq-sonli qo’shma qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan shahar xalq ta’limi bo’limi tasarrufidagi ta’lim muassasalarining 7-8-sinf o’quvchilari o’rtasida fizika fanida 8-9-noyabr kunlari olimpiada tashkil etildi.
Ushbu olimpiadada umumta’lim maktablaridan saralab olingan 120 nafar iqtidorli o’quvchilar o’z bilimlarini sinovdan o’tkazishdi. Olimpiadaning birinchi kunida fizika fanidan yozma ish hamda laboratoriya mashg’ulotlaridan o’z bilimlarini sinashgan bo’lsa, ikkinchi kuni test sinovlaridan o’tishdi.
Fan olimpiadasi yakuniga ko’ra 7-sinflar o’rtasida 1-o’rinni 1-sonli davlat ixtisoslashgan maktab-internati o’quvchisi Nematjanov Shukurullo, 2-o’rinni 20-sonli umumta’lim maktabi o’quvchisi Yusufjanov Muzaffar, 3-o’rinni 2-sonli davlat ixtisoslashgan maktab-internati o’quvchisi Muhammadjonova Gulirano egallashdi.
8-sinflar o’rtasida esa 1-o’rinni 1-sonli davlat ixtisoslashgan umumta’lim maktabi o’quvchisi Xakimov Muzaffar, 2-o’rinni 45-sonli umumta’lim maktabi o’quvchisi Obitxanova Asila, 3-o’rinni 31-sonli umumta’lim maktabi o’quvchisi Sarbarova Marjonalar egallashdi.
Tashkilotchilar tomonidan ushbu olimpiadada faxrli o’rinlarni qo’lga kiritgan o’quvchilarga esdalik sovg’alari topshirildi hamda keying bosqichlarda ulkan muvoffaqiyatlar tilandi.